“Raqamli sud” konsepsiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgust kuni qabul qilingan “Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni sud-huquq tizimida yangi davrni boshlab berdi.
Bu farmon nafaqat sud binolarini yangilash, balki butun tizimni raqamlashtirish, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali sud xizmatini zamon talablariga mos ravishda tashkil etishni koʻzda tutadi. Mamlakatimizda keyingi yillarda “Odil sudlov – adolat poydevori” degan tamoyil hayotga faol tatbiq etilmoqda. Mazkur farmon sudlarga boʻlgan xalq ishonchini yanada oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Endilikda yangi farmon bilan sudlar infratuzilmasi va sharoitlari tubdan yangilanadi. Unga muvofiq, yangi sud binolarini qurishda va mavjudlarini mukammal taʼmirlashda “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu orqali qogʻozbozlik, navbatlar va ortiqcha qiyinchiliklar kamayib, xalqning sudga boʻlgan ishonchi ortadi. Sud binolari fuqarolarga xizmat qiluvchi, qulay va ochiq maskanga aylantiriladi.
Prezident farmonida belgilab berilgan “Raqamli sud” konsepsiyasi — bu butun sud jarayonini raqamlashtirish, aholiga masofaviy va shaffof xizmat koʻrsatish imkonini beradigan innovatsion yondashuvdir. Bu konsepsiya orqali sud jarayonlarida inson faktori kamayib, xolislik oshadi, elektron sud ishlarini yuritish tizimi kengaytiriladi, sud qarorlari ochiq va onlayn faoliyat asosida amalga oshiriladi.
“Raqamli sud”, sunʼiy intellekt, interaktiv platformalar va qulay infratuzilma — bularning barchasi xalq uchun ochiq, shaffof, ishonchli sud tizimini shakllantiradi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Urgut tuman sudining sudyasi
Shahnoza Muhammadqulova




