Farzandlikka olish
Yurtimizda bolaning oilada tarbiyalanishi uning manfaatlari himoyasining ustuvor tamoyili hisoblanadi. Shu bois farzandlikka olish instituti ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy, huquqiy himoya qilishning asosiy kafolati sifatida belgilangan. Farzandlikka olishni hal qilish vakolati sudlarga berilishi esa ayni munosabatlarda qonuniylikni ta’minlaydi.
Bu murakkab jarayon bo‘lib, unda hal qiluv qarori ham milliy, ham xalqaro shartnomalar talablariga asoslangan holda, bola manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilinadi. Xususan, Fuqarolik protsessual kodeksida butun bir bob farzandlikka olish, deb nomlansa, u bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda Kodeks va Oliy sud plenumi qarorlariga ham tayaniladi. Quyida unga oid ishlarning asosiy va o‘ziga xos talablarini keltirdik.
Qonun talabi bo‘yicha farzandlikka olish to‘g‘risidagi ariza bolani farzandlikka olishni istagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olinayotgan bolaning yashash joyidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga beriladi. Sud farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlarni farzandlikka oluvchi, vasiylik va homiylik organlarining vakillari, shuningdek, prokuror ishtirok etgan holda ko‘rib chiqadi.
Zarur hollarda, sud farzandlikka olinayotgan bolaning ota-onasini, uning qarindoshlari va boshqa manfaatdor shaxslarni, shuningdek o‘n yoshga to‘lgan bolaning o‘zini ishda ishtirok etishga jalb qilishi mumkin.
Farzandlikka olishning sir saqlanishini ta’minlash maqsadida mazkur toifadagi ishlar, shu jumladan, farzandlikka olishni bekor qilish va haqiqiy emas deb topish haqidagi ishlar ham yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ularga ma’lum bo‘lgan farzandlikka olish bilan bog‘liq ma’lumotlarni sir saqlashlari zarurligi, shuningdek farzandlikka olish sirini farzandlikka bola oluvchilarning yoki vasiylik va homiylik organining erkiga qarshi oshkor qilganlik uchun Jinoyat kodeksiga binoan jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligi to‘g‘risida ogohlantiriladi. Bu harakatlar sud majlisining bayonnomasiga kiritiladi va mazkur shaxslar tomonidan imzo bilan tasdiqlanadi.
Quyidagi shaxslar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkin emas:
Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkin, quyidagi shaxslar bundan mustasno:
ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turuvchilar;
ushbu Kodeks 169-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha farzandlikka olganligi bekor qilingan sobiq farzandlikka oluvchilar;
hayotga, sog‘liqqa qarshi jinoyatlar, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan jinoyatlar, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi, shaxsning ozodligiga, sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi (bundan tuhmat, haqorat qilish mustasno), fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi (bundan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish mustasno), tinchlikka va insoniyatning xavfsizligiga qarshi, O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar, o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar, jinoiy yo‘l bilan topilgan mol-mulkni olish yoki o‘tkazish, tijoratda pora evaziga og‘dirib olish yoxud nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish, boshqaruv tartibiga, shuningdek odil sudlovga qarshi jinoyatlar, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash, jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar (bundan uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini buzish, tadqiqot faoliyatini amalga oshirishda xavfsizlik qoidalarini buzish, mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish, sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish mustasno), giyohvandlik vositalarining yoki psixotrop moddalarning qonunga xilof muomalasidan iborat jinoyatlar, jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar va harbiy mansabdorlik jinoyatlari sodir etganlik uchun ilgari hukm qilinganlar;
ushbu modda birinchi qismining oltinchi xatboshisida ko‘rsatilgan jinoyatlar jumlasiga kirmaydigan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun ilgari hukm qilinganlar;
ushbu modda birinchi qismining oltinchi va yettinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun o‘ziga nisbatan jinoyat ishi ayblilik to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib tugatilganlar;
farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalinganlar. Mazkur kasalliklarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq o‘n besh yoshdan kam bo‘lmasligi shart, bundan o‘gay ota va o‘gay ona yoxud farzandlikka olinuvchining yaqin qarindoshlari tomonidan farzandlikka olish hollari mustasno.
Shuningdek, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan bolani farzandlikka olish haqida ariza berilishi mumkin. Bunday ishni ko‘rib chiqishda sud nafaqat arizachi fuqarosi hisoblangan davlatning qonunchiligi, balki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi talablaridan ham kelib chiqadi. Agar teskarisi, aytaylik, O‘zbekiston fuqarosi boshqa davlat fuqarosi hisoblangan bolani farzandlikka olmoqchi bo‘lsa, asosiy hujjatlarga qo‘shimcha ravishda farzandlikka olinayotgan bolaning O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashi uchun O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organining roziligi hamda farzandlikka olinayotgan bola qonuniy vakilining va bola qaysi davlat fuqarosi bo‘lsa, o‘sha davlat vakolatli organining roziligi talab qilinadi.
Sudga farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish va farzandlikka olishni bekor qilish to‘g‘risidagi da’vo bilan farzandlikka olinganning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar, shuningdek o‘n olti yoshga to‘lgan farzandlikka olingan bola murojaat qilishlari mumkin.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining sudyasi: Sh.A.Muxammatqulova