Matbuot anjumani o’tkazildi
“Urgut sadosi” gazetasi qoshidagi Matbuot markazida “Nuroniy” jamg‘armasi Urgut tuman bo‘limi mutaxassisi Sh.Axmedov ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida qayd etilishicha, nuroniylarning hayotiy tajribasidan samarali foydalanish, yoshlar tarbiyasi, oilaviy murakkab vaziyatlarga yechim topish, jamiyatdagi ijtimoiy-maishiy masalalarni hal etish borasida tumanimizda qator ishlar qilinmoqda.
Jumladan, mahallalardagi nuroniylar va ota-onalar kengashlari, “Keksalar maslahat” guruhlari va “Buvijonlar maktabi” kabi jamoatchilik tuzilmalari orqali 5000 dan ziyod keksalarimiz tuman ijtimoiy hayotida faol qatnashmoqda.
“Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyilga muvofiq 198 nafar nuroniy o‘ziga biriktirilgan 1973 nafar uyushmagan, muammoli yoshlarni ishga joylashtirish, muammolarini hal etish, profilaktik ro‘yxatdan chiqarish ishlari bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, “Nuroniy har bir oilaga mas’ul” loyihasi asosida 329 nafar nuroniy 329 ta oilada ahillik, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, oilalarni saqlab qolish bilan bevosita shug‘ullanmoqda.