Odam (chaqaloq) savdosiga qarshi kurashish davr talabi

 

 

Farzand kelajak mevasi ekanligi, uni asrab-avaylash va qadriga yetish zarurligi borasida tariximizda turli xil rivoyatlar va ibratli hikoyalar mavjud. Xalqimizda “har neʼmatni borida qadrla”,  deb bejiz aytilmagan.

Lekin, bugungi kunda ayrim nosogʻlom fikr egalari vijdoni va iymonidan kechib, oʻz farzandini begona qoʻllarga maʼlum haq evaziga sotish holatlari kuzatilmoqda. 

Soʻnggi uch yil mobaynida Oʻzbekistonda chaqaloq savdosi boʻyicha 185 ta holat aniqlandi. Bu kabi illatga quyidagi omillar sabab boʻlmoqda:

-bolaning onasi ijtimoiy himoyalanmagani va moddiy ehtiyojlari taʼminlanmaganligi;

-turmushga chiqmagan ayollar homilador boʻlib qolganidan soʻng chaqaloqni oilasidan yashirishga urinishi;

-farzand koʻrmagan oilalar tomonidan chaqaloq asrab olishga ehtiyoj mavjudligi;

-chaqaloq savdosining oldini olishga qaratilgan mukammal huquqiy asosning yoʻqligi.

Ushbu jinoyatga qoʻl urgan xotin-qizlarning ijtimoiy holati oʻrganilganda, ularning koʻpchiligi ogʻir turmush sharoitida va moddiy qiyinchilikda yashab kelayotgani, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda psixologik yordamga muhtojligi aniqlandi.

Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining navbatdagi yigʻilishida maʼlum qilinishicha, Oʻzbekistonda soʻnggi uch yilda jami 114 nafar bola chaqaloq savdosidan jabrlangan va ularning deyarli 90 foizi 1 yoshgacha boʻlgan bolalardir.

 2017–2020-yillardagi holatlar tahliliga koʻra, oʻz chaqalogʻini sotgan ayollarning 31 foizi bu ishga ogʻir ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat tufayli, 17 foizi homilani yashirishga harakat qilgani uchun, 52 foizi esa moddiy manfaat topish yoʻlida ushbu turdagi jinoyatga qoʻl urgan.

Oʻzbekistonda odam savdosi jinoyatlari oxirgi 5 yilda 6 baravarga kamaygan, lekin uning tarkibida chaqaloq va bolalar savdosi salmogʻi har yili surunkali ravishda oshib bormoqda.

Chaqaloq sotib oluvchi shaxslar bu ishga farzandi boʻlmagani, oilasini saqlab qolish chorasi sifatida qoʻl uradi hamda “bola oʻz aqlini tanib olmasdan, kichikligida asrab olishim kerak” degan vajni keltirishadi.   Aniqlanishicha, chaqaloq savdosida ishtirok etganlarning aksariyatiga ogʻir jazo tayinlanmasligi bu jinoyatning koʻpayib borishiga zamin yaratmoqda.

Xususan, farzandini sotgan ota-onalarning 38,8 foiziga, vositachilarning 5,2 foiziga qamoq chorasi qoʻllanilgan. Qolganlarga esa sinov muddati, axloq tuzatish ishlariga jalb etish choralari bilan cheklanilgan.

Bu jinoyatning koʻpayib borishiga nimalar sabab boʻlyapti?

Chaqaloq savdosiga qarshi kurash borasida davlat organlarining hamkorligi boʻyicha yaxlit tizim yoʻqligi, fertil (tugʻruq) yoshidagi ayollarni hisobga olish, homiladorlikning erta bosqichidan tugʻruqqacha avtomatlashtirilgan tizim yoʻlga qoʻyilmaganligi va tugʻruqxonalarda chaqaloq savdosini amalga oshirish maqsadida ayollarning homiladorligini yashirish, qalbaki hujjatlar tayyorlash, farzandini “oʻldi” deb soxtalashtirish bilan bogʻliq holatlarning kuzatilishi va shunga oʻxshash boshqa holatlarni keltirish mumkin.

Shuningdek, homilador ayollar tibbiy koʻrigini tashkil etish borasida patronaj va umumiy amaliyot shifokorlarining mahalla profilaktika inspektorlari bilan hamkorligi samarali emasligi, aholi bolani qonuniy asrab olish boʻyicha toʻliq maʼlumotga ega emasligi ham ushbu soxadagi katta muammolarimizdan biri boʻlib qolmoqda.

Hozirgi kunda mamlakatimizda odam savdosiga, ayniqsa chaqaloq savdosi jinoyatiga qarshi kurashish borasida keng koʻlamli ishlar oʻtkazilmoqda.

Xususan bolani asrab olishda talab etiladigan hujjatlarni soddalashtirish borasida qonun loyihasini ishlab chiqish choralari koʻrilmoqda. Aholi orasida va tibbiyot muassasalarida ushbu mavzuda turli targʻibot-tashviqot ishlari amalga oshirilib, moddiy-maʼnaviy qiyinchiliklarni boshidan oʻtkazayotgan ayollar “temir daftar”ga kiritilgan holda davlat tomonidan imtiyozlar berib kelinmoqda.

 

 

Xudayberdiyev Farhod,

Jinoyat ishlari boʻyicha Urgut

tuman sudining raisi

2015-2024 © Ургут туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM
95x15