Nega 10 yilda bir marta?

 

Dunyo bo‘ylab ming yillar davomida o‘tkazib kelinayotgan aholini ro‘yxatga olish tadbiri ilk bor eramizdan avvalgi 3800 yillarda  bobilliklar tomonidan o‘tkazilganiga tarixiy ishoralar bor. Har 6 yoki 7 yilda o‘tkazilgan bunday tadbirlarda aholi va chorva soni, meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari miqdori hisobga olingani haqida tarixiy manbalarda ayrim ma’lumotlar saqlanib qolgan.

Qadimgi Misr, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya, Vavilon, Gretsiya va Yunoniston davlatlarida esa aholini ro‘yxatga olish tadbirlari soliq to‘lovchilar va harbiy xizmatga yaroqli aholi sonini bilish maqsadida o‘tkazilgan. Shuningdek, shaharlardagi erlar va xo‘jaliklar, hunarmandchilik va savdo-sotiq hamda ular bilan birga aholini statistik hisobga olishning turli shakllari mavjud bo‘lgan.

          Aholini muntazam ro‘yxatga olish tarixi 1790 yilga borib taqaladi. O‘shanda AQSHda, 1801 yilda esa bir vaqtning o‘zida Angliya, Shotlandiya, Fransiya, Daniya va Norvegiyada shunday tadbirlar o‘tkazilgan. Biroq ular hali mukammal bo‘lmagani holda, uzoq vaqt davomida aniq bir vaqtga bog‘liq bo‘lmagan, belgilangan qoidalarga amal qilinmagan tarzda olib borilgan.

1846 yilda yirik statistik olim Adolf Ketl (1796-1874) boshchiligida Belgiyada o‘tkazilgan ro‘yxatga olish  birinchi chinakam ilmiy ro‘yxatga olish deya e’tirof etiladi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, ro‘yxatga olish muddati bir kunlik bo‘lib, haqiqatda mavjud aholi hisobga olingan. Mazkur ro‘yxatga olish tajribasidan keyinchalik, Evropaning ko‘plab davlatlari foydalangan. 1870-1879 yillarda dunyo bo‘yicha atigi 48 ta davlatda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilgan bo‘lsa, XX asr oxiriga kelib, deyarli barcha davlatlar o‘z aholisini ro‘yxatga olishga kirishdi.

Bugungi kunda BMT dunyo mamlakatlarini har 10 yilda kamida bir marotaba o‘z aholisini ro‘yxatga olishga da’vat etadi. Shu vajdan, aksariyat mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish tadbiri har 10 yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Xo‘sh, nega aynan 10 yilda bir marta? Buning bir qancha sabablari bor, albatta. Avvalo, 10 yil ichida jamiyatda salmoqli o‘zgarishlar ro‘y beradi. Avvalgi ro‘yxatga olish usullari samaradorligi sezilarli darajada kamayishi sababli, so‘rovnomalar mazmuniga tuzatishlar, ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash usullariga zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda o‘zgartirishlar kiritish talab etiladi.

2015 yilda BMTning “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyusiyasi qabul qilinib, 2020 yil raundiga start berilgan edi. Bu raund 2015 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston ham o‘z aholisini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni rejalashtirgan davlatlar qatoridan joy oldi va dunyo xalqlari bo‘yicha 228 chi bo‘lib BMT tomonidan ro‘yxatga olindi. Biroq koronavirus pandemiyasining dunyo bo‘ylab keng tarqalishi ko‘plab holatlar singari aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish jarayonlariga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Aksariyat mamlakatlarda bu tadbirlarning muddati o‘zgartirildi.

Yurtimizda ham 2022 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023 yilning 1-25 noyabr kunlariga ko‘chirildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan mustahkamlandi. Shuningdek, mazkur qaror bilan 2021 yilning 1-25 noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish belgilandi.

 

  Urgut tuman statistika bo‘limi

 

2015-2024 © Ургут туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM
95x15